So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida atmosfera havosidagi mayda dispersli zarrachalar (PM10) miqdori oshgani kuzatilmoqda. O‘zgidromet monitoring natijalariga ko‘ra, buning asosiy sabablaridan biri – keskin harorat almashishi va inversiya jarayoni bo‘lib, sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qolishi natijasida zarrachalar past qatlamda to‘planmoqda.
Shuningdek, noyabr oyida yog‘ingarchilik deyarli bo‘lmagani sababli havodagi zarrachalar tabiiy yo‘l bilan yuvilmayapti. Quruq iqlim va arid jarayonlarning kuchayishi esa tabiiy changlanishni oshiradi, bu esa PM10 ko‘rsatkichining yanada ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Sinoptiklar inversiya jarayoni 24-noyabrgacha davom etishini prognoz qilmoqda.
Mahalliy hokimiyatlar va kommunal xizmatlar ko‘cha va yo‘llarni namlash, yashil hududlarni sug‘orish va jamoat joylarini tozalash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. O‘zgidromet havoning sifatini kuniga ikki marta – ertalab va kechqurun rasmiy kanallar orqali e’lon qilmoqda. Aholi tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayonlar hisobga olinib, zarur tavsiyalarga rioya qilishi lozim.


