1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda havoni tozalash uchun ko‘chalarga suv sepilmoqda

Bu choralar qay darajada samarali? Shahar hokimligi tushuntirish berdi.

Toshkentda havoni tozalash uchun ko‘chalarga suv sepilmoqda

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent ko‘chalari va yashil hududlarda chang ifloslanishini kamaytirish maqsadida suv sepuvchi mashinalarni ishga tushirdi. Maxsus mashinalar yo‘l qoplamasini va daraxtlarni sug‘orib, tabiiy changni cho‘ktirishga yordam beradi va shahar havo sifatini yaxshilaydi.

 

Shuningdek, poytaxtdagi barcha favvoralar ham ishga tushirilgan bo‘lib, ular 24/7 rejimga o‘tkazildi. Ularning faoliyati mikroiqlimni saqlashga va jamoat joylaridagi chang yuklamasini kamaytirishga yordam beradi.

 

Taʼkidlanishicha, Qo‘mita tomonidan havo ifloslanishini kamaytirish maqsadida tezkor shtab tuzilgan bo‘lib, poytaxtdagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

 

Toshkent shahar hokimligi bu choralar havoning tozalanishiga qay darajada yordam berishini tushuntirdi.

 

Qayd etilishicha, havo ifloslanishining asosiy manbayi — PM10 va PM2.5 o‘lchamdagi mayda chang zarralaridir. Yo‘l namlanganda ushbu mayda zarrachalar suv bilan aralashib, yerga cho‘kadi va atmosferaga qayta ko‘tarilib ketishining oldi olinadi.

 

Avtomobillar harakatlanayotganda yo‘l yuzasidagi quruq chang doim ko‘tarib turadi. Namlangan yo‘l esa "ikkilamchi changlanish"ni sezilarli kamaytiradi. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich shahar PM chiqindilarining 25–40% ini tashkil qilishi mumkin.

 

Yo‘llarga suv sepish va yashil zonalarning sug‘orilishi haroratni pasaytiradi. Yuqori haroratda chang havoda uzoqroq vaqt saqlanib qoladi, ifloslantiruvchi moddalar kimyoviy reaksiyalari tezlashadi. Namlash esa bu jarayonni sekinlashtiradi va zarrachalarning tezroq cho‘kishini taʼminlaydi.

 

Ifloslanishning yuqori davrlarida daraxt va butalarni sug‘orish — faqat parvarish emas, balki shahar tabiiy filtrlarini qo‘llab-quvvatlashdir. O‘simliklar changni barglari orqali ushlab, havodagi PM miqdorini kamaytiradi.

 

Yo‘llarga suv sepish muammoni butunlay hal qilmaydi, ammo bir necha soat ichida chang miqdorini sezilarli darajada kamaytiradigan tezkor chora hisoblanadi.

 

Shu sababli hokimiyat tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan bir qatorda issiqxona xo‘jaliklarida reydlar o‘tkazish, qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish, ekologik nazoratni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.

 

“Yo‘llarga suv sepish ham shaharda havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismidir”, deyiladi xabarda.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика