Tergov departamenti ma'lumotlariga ko'ra, 28-iyun kuni Bektemir tumani Chirchiq bo‘yi ko‘chasida xizmat vazifasini olib borayotgan IIO FMB PPX xodimlari tomonidan 25 yoshli yigit to‘xtatib tekshirilganda cho‘ntagidan giyohvand moddaga o‘xshash modda borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida gumonlanuvchidan ushbu moddani kimdan va qayerdan olgani so‘ralganida, u ushbu giyohvand moddasini geolokatsiya asosida ko‘mib qo‘yish uchun olib ketayotganligini va Bektemir tumani Chirchiq bo‘yidagi mahallalarning biriga mijozlar uchun jami 23 dona o‘ramdagi giyohvand moddalarni ko‘mib chiqqanligini maʼlum qilgan.
Toshkent shahar IIBB EKMning sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, gumonlanuvchidan olingan modda tarkibida alfa-pirrolidinovalerofenon mavjud bo‘lib, bu modda “alfa-pirrolidinovalerofenon (a-PVP)” deb atalishi va umumiy og‘irligi 22,4 grammga tengligi ko‘rsatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan I.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


