Huquq tartibot organlari tomonidan tashkil etilgan tezkor tadbirda "M.F." MCHJ ga qarashli dorixona sotuvchisi G.K. xaridor A.ga 2 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 50 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Tekshiruv davomida ushbu dorixonadan 197 dona “Regapen”, 40 dona “Tropikamid” va 4 dona “Zardeks” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda "F.J." MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi M.S va MCHJ rahbari X.X.lar xaridor G.ga shifokor retseptisiz 1 dona “Tropikamid” va 3 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 195 ming so‘mga sotgan vaqtda qo‘lga olingan. Tadbir davomida ushbu dorixonadan 1 900 dona “Karbamazepin”, 92 dona “Regapen” va 14 dona “Tropikamid” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186(3)-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Sirdaryoda 700 dan ortiq "Tropikamid" dori vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgani hamda Shirin shahrida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.


