Bugun, 13-oktabr kuni soat 17:23 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga “112” tizimi orqali Mirzo Ulug‘bek tumani “Shukur Burxonov” mahallasida joylashgan 208-maktab hududidagi ta’mirlanayotgan bo‘sh bino tom qismida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmatlari hodisa joyiga besh daqiqa ichida yetib borgan. Yong‘in soat 17:39 da to‘liq qurshab olingan va 17:42 da butunlay bartaraf etilgan.
Ta’kidlanishicha, yong‘in sodir bo‘lgan paytda maktabda o‘quvchilar va xodimlar bo‘lmagan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in ta’mirlash jarayonida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmaganligi sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Voqea oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.


