Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 213-maktabda direktor va ota-onalar janjali aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berildi.
Aniqlanishicha, Mirobod tumani Qo‘yliq ota mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi K. F. 213-maktabda o‘qimasligiga qaramay bir necha marta maktabga kirib, o‘rtoqlarining darsda o‘tirishiga xalaqit berganligi uchun maktab direktori I. S. uni taʼlim muassasasi hududidan chiqarib yuborgan. 7 aprel kuni ko‘p marotaba ogohlantirilishiga qaramay, K. F. yana maktab hududida dars vaqtida sobiq sinfdoshi bilan uchrashgan. Buning guvohi bo‘lgan direktor K. F. bilan gaplashib turgan uning tengdoshi 10-sinf o‘quvchisi A. ga tanbeh bergan.
Shu kuni K. F. ning otasi turmush o‘rtog‘i bilan maktab direktori kabinetiga bostirib kirgan. “Baratxo‘ja” MFY mahalla profilaktika inspektori A. D. ning bir necha marta ogohlantirishiga qaramay, ular direktorga hurmatsizlik qilib, so‘kib, tuhmat gaplar bilan haqorat qila boshlashgan. Bundan asabiylashgan maktab direktori I. S. ota-onani o‘z xonasidan chiqib ketishlarini talab qilgan.
Sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng direktor fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilgan.


