Avvalroq Ekologiya vazirligi xodimlari Toshkent issiqlik elektr stansiyasi faoliyatini tekshirgandi. Tekshiruv davomida korxonada asosiy yoqilg‘i sifatida gazdan, zaxira yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanilayotgani, shu sababli poytaxtni tutun qoplagani aniqlangan.
Energetika vazirligi Toshkent viloyati va poytaxtda "Issiqlik elektr stansiyalari" AJga qarashli 11 ta issiqlik elektr stansiyasi va issiqlik markazlari mavjudligini, shulardan 6 tasi (Toshkent viloyatida) qolganlari Toshkent shahrida joylashganini ta’kidlab, Ekologiya vazirligi dalillariga qo‘shilmagan.
"Mazut gaz ta’minotidagi bosim pasaygan soatlarda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash uchun zaxira yoqilg‘i sifatida foydalaniladi. Shu bilan birga, mazutdan foydalanish jarayoni qonun hujjatlari doirasida barcha mas’ul idoralar, xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishilgan. Mazutning yonishi natijasida atmosferaga zararli moddalar chiqarilishini kamaytirish maqsadida stansiyada belgilangan texnik ko‘rsatkichlarga javob beradigan filtrlar o‘rnatilgan. Kelgusida barcha issiqlik elektr stansiyalarida qo‘shimcha filtrlarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda, bu esa atmosferaga chiqindi gazlarni 95 foizgacha kamaytirish imkonini beradi", — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
Ta’kidlanishicha, korxonada havoga moddalarning chiqarilishi belgilangan me’yoriy talablardan oshmagan.


