Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1969 va 1997-yillarda tug‘ilgan ota-bola o‘z yashash xonadonida yashirin ombor tashkil qilgan. Ushbu omborda noqonuniy yo‘llar orqali olib kirilgan dori vositalari saqlanib, keyinchalik dorixonalarga tarqatib kelingan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilarga tegishli xonadon va transport vositasi ko‘zdan kechirilganda, asosan Turkiya hamda Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dyuspatalin”, “Novomiks”, “Galvus MET” kabi 87 turdagi, jami 133 374 dona dori vositalari aniqlandi. Ushbu mahsulotlarning umumiy qiymati taxminan 3 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Shuningdek, tekshiruv davomida 50 ming AQSH dollari, 10,6 million so‘m pul mablag‘lari hamda 150 nafarga tegishli bank plastik kartalari ham topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda dori vositalari namunalarini ekspertizadan o‘tkazish maqsadida vakolatli laboratoriyaga yuborilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


