1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosi haqidagi kitoblar taqdimot aksiyasi o‘tkazildi

120 ta tashkilotga mingdan ortiq kitob-albomlar topshirildi.

Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosi haqidagi kitoblar taqdimot aksiyasi o‘tkazildi

 

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda “Yaxshi kitob – sifatli taʼlim kafolati” mavzusida insonparvarlik aksiyasi o‘tkazildi. Shuningdek, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” xalqaro nashrining taqdimoti ham o‘tkazildi.

 

Kutubxonalar, milliy madaniyat markazlari, muzeylar va oliy taʼlim muassasalarining 120 dan ortiq vakillari, olim va tadqiqotchilar ishtirok etgan tadbirda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining yangi tomlari taqdim etildi. Bu kitoblarni bepul olish uchun sertifikatlar ham topshirildi.

 

Tashkilotchilar ushbu kitoblar va loyiha tufayli mamlakatimiz yoshlari o‘z tarixini chuqur o‘rganishi, xorijda saqlanayotgan to‘plamlar bilan yaqindan tanishishiga ishonch bildirmoqda.

 

– Prezidentimiz murojaatnomasi va 2023 yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb belgilanishi mamlakatimiz taʼlim tizimini rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi. Bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi yoshlar, ularning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi bo‘lib, mazkur loyiha buning yorqin dalilidir. Eslang, biz ham bir paytlar yosh talaba edik va bunday kitoblarni, yurtimizda va xorijda ham qidirardik. Hozirda mamlakatimizda o‘lkamizning xorij to‘plamlarida saqlanayotgan noyob osori-atiqalari haqida hikoya qiluvchi muhtasham nashrlar mavjud. Shu bilan birga, shuni taʼkidlash kerakki, bugungi kungacha bunday loyihaning dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan. Yangi O‘zbekiston saʼy-harakatlari bilan mamlakatimiz xalqlari merosini markazlashgan tarzda o‘rganish tizimi vujudga keldi, bu albatta, davom ettirilishi kerak, – dedi filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov.

 

Aytish joizki, kitoblarga nafaqat xorij muzeylarida saqlanayotgan meros, balki jahondagi milliy kolleksiyalardagi noyob manbalar ham kiritilgan. Ularning ayrimlari birinchi marta nashr etilayotgani muhim ahamiyatga egadir.

 

Maʼlumot o‘rnida, loyiha doirasida milliy va xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda, ijtimoiy masʼuliyatli biznes ko‘magida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etildi. Bu kitoblar O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari haqida qimmatli maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, dunyoning 30 dan ortiq davlatidagi kolleksiyalarga bag‘ishlangan. Shu bilan birga, ushbu to‘plamlar haqida 30 dan ortiq hujjatli filmlar suratga olindi. Yana o‘n jild nashrga tayyorlanmoqda.

 

Butunjahon jamiyatiga dunyoning 40 dan ortiq davlatidan 400 ga yaqin sharqshunos, sanʼatshunos, tarixchi va etnograflar kiradi. 2017-2022 yillar davomida 6 ta xalqaro kongress, yuzdan ortiq taqdimotlar, davra suhbatlari va media iventlar o‘tkazildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика