Toshkent Fotosuratlar uyida “8 dekabr – Jahon iqlim kuni” munosabati bilan “O‘zbekiston tabiiy merosi” nomli fotoko‘rgazma ochildi. Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekistonning noyob tabiiy merosi, ekotizimlari va himoyaga muhtoj hududlarini keng ommaga tanishtirishdir.
Fotoko‘rgazma orqali jamoatchilikning e’tiborini global iqlim o‘zgarishi kuchayib borayotgan bir paytda atrof-muhit muammolariga qaratish, insonlarning tabiatga nisbatan ongli va mas’uliyatli munosabatini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Ekspozitsiyada 60 ta fotoasar namoyish etilmoqda. Unda O‘zbekistonning gidrologik, geologik, biologik va paleontologik yo‘nalishdagi tabiiy meros obyektlari, jumladan:
- suv resurslari,
- landshaftlar,
- noyob flora va fauna,
- tog‘lar, qoyaliklar, cho‘l hududlari,
- qo‘riqlanadigan hududlarning tabiiy manzaralari aks etgan.
Ko‘rgazmada professional va havaskor suratkashlarning ishlari jamlangan bo‘lib, ular mamlakatning eng go‘zal hamda ekologik ahamiyatga ega maskanlarini o‘ziga xos badiiy ko‘rinishda tasvirlagan.

Tadbir doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan chop etilgan “O‘zbekiston tabiiy merosi” hamda “O‘zbekiston tabiati fasllarda” nomli fotoalbomlarning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur nashrlarda O‘zbekistonning tabiat yodgorliklari, noyob daraxtlar, tog‘ tizmalari, muzliklar, qumtepalar, ko‘llar, sharsharalar, o‘rmonlar va hayvonot dunyosi haqida ekologik tadqiqotlarga asoslangan batafsil ma’lumot berilgan.


