Toshkent shahrida o‘zini yirik distribyutor va tadbirkor sifatida tanishtirib, fuqarolarning ishonchiga kirgan holda ularni katta miqdorda pul mablag‘lariga chalg‘itgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1986-yilda tug‘ilgan Xayrullo Shokirov Instagram, Telegram hamda YouTube ijtimoiy tarmoqlari orqali faoliyat yuritib, o‘zini xorijdan anor sharbati va salqin ichimliklarni katta hajmda import qiluvchi hamda ularni mamlakatdagi savdo tarmoqlariga yetkazib berish huquqiga ega distribyutor sifatida ko‘rsatgan.
U fuqarolarga yuqori daromad va’da qilib, ularning ishonchini qozongan hamda aldov va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirgan. Natijada bir qator fuqarolarga katta miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Xayrullo Shokirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi — juda ko‘p miqdorda firibgarlik sodir etish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qaroriga asosan, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Toshkent shahar IIBB fuqarolarga murojaat qilib, agar ushbu shaxsning noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsa yoki ish yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni so‘radi. Qonunchilikka muvofiq, juda ko‘p miqdorda firibgarlik uchun katta jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.


