1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda qizlar yo‘qolayotgani aytilmoqda

IIV ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

Toshkentda qizlar yo‘qolayotgani aytilmoqda

 

Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahrida qizlar yo‘qola boshlagani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarni rad etdi, deb xabar berdi Kun.uz.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda qizlar yo‘qola boshlagani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovga ko‘ra, Telegram‘da tarqalgan qizlarning g‘oyib bo‘layotgani haqidagi xabarlar go‘yoki bu voqealar bir-biri bilan uzviy bog‘liqdek tasavvur uyg‘otsada, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Buni qizlarning turli kunlarda, turli joylarda g‘oyib bo‘lgani ham tasdiqlaydi.

 

«Balog‘at yoshiga qadam qo‘yayotgan o‘smirlarda uydagilari bilan chiqishmay qolish yoki oilasidagilarga jahl qilib buva-buvisinikiga, dugonasinikiga yoki boshqa qarindoshlarinikiga ketib qolish tez-tez kuzatilib turadi. Bu bilan bunday xabarlarga loqaydmiz demoqchi emasman. Bu kabi xabarlar tarqalishi bilan nazoratga olinadi va tegishli xizmatlar yordamida surishtiruvlar o‘tkaziladi. Hozircha qizlarning yo‘qolgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarning birortasi tasdig‘ini topgani yo‘q. Chunki ularning hammasi yo‘qolgani haqida 102 ga ariza kelib tushgan kuni yo ertasiga tezkor xodimlar tomonidan topilgan», — deydi Shoxruh G‘iyosov.

 

G‘iyosovning aytishicha, kimlardir turli vaqtlarda yo‘qolgan qizlar haqidagi xabarlarni turli joylardan olib umumlashtirgan va voqelikka vahimali tus berishga, bu orqali aholi orasida sarosima tarqatishga uringan.

 

IIV masʼuli ushbu xabarlar ortidan 102 qisqa raqamiga murojaatlar ko‘payib ketganini taʼkidlab, Telegram-kanallari maʼmurlaridan har bir axborotni tekshirib, so‘ng eʼlon qilishni, tekshirilmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatib o‘tgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика