1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda taksi haydovchilaridan pul yig'ib yurgan “Bichok” boshchiligidagi guruh qo'lga olindi

Guruh taksi haydovchilarini qo‘rqitish yo‘li bilan o‘zboshimchalik bilan oylik to‘lov joriy qilgan.

Toshkentda taksi haydovchilaridan pul yig'ib yurgan “Bichok” boshchiligidagi guruh qo'lga olindi

 

Ichki ishlar organlari tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududida taksi haydovchilaridan noqonuniy yig‘imlar undirish bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroning arizasi asosida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoiy guruh aʼzolari qo‘lga olingan. Ushbu guruh Toshkent viloyatidan Toshkent shahrining Yashnobod tumaniga qatnovchi taksi haydovchilarini qo‘rqitish yo‘li bilan o‘zboshimchalik bilan oylik to‘lov joriy qilgan.

 

Jinoiy guruh yetakchisi sifatida “Buqa” (shuningdek “Bichok”) laqabli, 1988-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Alimqulov Sherzod Umaraliyevich qo‘lga olingan. U muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan uch marta sudlangan.

 

Aniqlanishicha, turli sport turlari bilan shug‘ullanib kelgan ushbu shaxs sheriklari bilan birga “Damas” avtomashinasi haydovchisini urib, unga tan jarohati yetkazgan, shuningdek, jabrlanuvchining tirikchilik manbai hisoblangan avtomashina kalitlarini zo‘rlik ishlatib tortib olgan.

 

Jinoiy guruh aʼzolari doimiy ravishda haydovchilarning belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan. Ariza muallifiga nisbatan hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazish bilan tahdid qilingan hamda Yashnobod tumaniga qatnovlarni amalga oshirish imkoniyati evaziga undan 2 oylik avans sifatida 810 AQSH dollari olingan.

 

Keyinchalik navbatdagi to‘lovlarni to‘liq amalga oshira olmagani sababli, unga o‘zboshimchalik bilan yo‘nalishga chiqish taqiqlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh yetakchisi va uning sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib tovlamachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Shu bilan birga, ushbu jinoiy guruhning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari yoki 102 raqami orqali xabar berishlari so‘ralmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика