
Ma’lum bo‘lishicha, 19-sentabr kuni Toshkent shahar IIBBga maishiy texnika ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan birining xodimlari murojaat qilib, kompaniya savdo belgisi ostida soxta Telegram-bot tashkil etilgani bo‘yicha ariza bergan.
Qayd etilishicha, soxta kanalda obunachilar soni qisqa muddatda 400 mingdan ortib, unda o‘tkazilayotgan yolg‘on xayriya aksiyasi sabab kompaniya call-markaziga "guruhingiz orqali sovringa ega bo‘ldim, shuni berishingizni so‘rayman" mazmunidagi murojaatlar soni kundan-kunga ortib borgan.
Buning oqibatida kompaniya obro‘siga putur yetkazilgan, shuningdek, kompaniya mahsulotlarini sotib olgan iste’molchilarning savollariga javob berish, ularning taklif va shikoyatlarini qabul qilish bilan shug‘ullanadigan call-markazga yuklama ortishiga sabab bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur murojaat yuzasidan Toshkent shahar IIBB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Telegram tarmog‘ida soxta guruhlar tashkil etib, odamlarni aldayotganlar ushlangan.
"Qo‘lga olinganlarning ikki nafari Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar ekanligi aniqlangan. Ular guruhga katta miqdorda odam to‘plab, so‘ng uni sotishni maqsad qilgan", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi yutuqli o‘yinlar orqali buxorolik fuqaroni chuv tushirgan farg‘onalik yigit ushlangani, Samarqandda 16 ming AQSH dollarini bukmekkerlik saytida yutqazib yuborgan firibgar aniqlangani hamda Andijonda virtual firibgar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.


