25 iyul kuni Toshkentda bo‘lib turgan “Tolibon” delegatsiyasi O‘zbekiston tomoni bilan uchrashdi. Bu haqda “Sputnik Afganistan” xabar berdi.
Toliblar tomonidan tashqi ishlar v.b. Amir Xon Mutaqqiy, moliya vaziri v.b. Xidoyatullo Badri ishtirok etgan. O‘zbekiston tomonidan Abdulaliz Komilov va Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev muloqot olib borgan.
Muzokaralarda infratuzilmaviy loyihalar, jumladan, Transafg‘on temiryo‘li masalasi ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi ishlar V.b. Vladimir Norov ham toliblar delegatsiyasini qabul qilgan.
Maʼlumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-yil 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Unda quyidagi masalalar ko‘rib chiqiladi:
—Afg‘oniston yo‘nalishida xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakatlarini, ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishi, afg‘on xalqiga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish;
—Afg‘oniston yangi hukumati tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablarini (keng vakillik asosida hukumat tuzish, xotin-qizlar huquqlariga rioya qilish va qizlarning to‘laqonli maktab taʼlimi olishini taʼminlash) bajarish jarayonini tezlashtirish masalasida xalqaro samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish. Bu Afg‘onistondagi milliy yarashuv jarayonini oxiriga yetkazishning asosiy sharti bo‘ladi;
—Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tomonidan ushbu mamlakat hududidan qo‘shni davlatlar, mintaqaning boshqa davlatlari va butun dunyo xavfsizligi manfaatlariga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha olgan majburiyatlarni tasdiqlash;
—Afg‘onistonning chet eldagi moliyaviy aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish, shuningdek, mamlakat hududida transport-kommunikatsiya va energetika sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligini tushuntirish.


