Toshkent shahrida metro yo‘l o‘tkazgichining fasad qismidan ajralgan bo‘lak to‘xtab turgan avtomobil ustiga tushdi. Hodisa Toshkent metrosining Qo‘yliq va Yangiobod bekatlari oralig‘idagi aylana yo‘nalishida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l o‘tkazgich ostida to‘xtab turgan avtomobil mexanik shikastlangan. Jabrlanganlar yo‘q.
Toshkent metropoliteni matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hodisaga poyezdlar harakati jarayonida yuzaga keladigan tabiiy tebranishlar sabab bo‘lgan. Natijada konstruksiyaning yuqori qismidan kichik gips bo‘lagi ajralib tushgan.
Voqeadan so‘ng, texnik xizmatlar tomonidan hudud zudlik bilan ko‘zdan kechirilib, shikastlangan fasad qismi tiklangan. Shuningdek, shunga o‘xshash holatlarning oldini olish maqsadida mazkur yo‘nalish bo‘ylab pardozlash elementlari qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Metro ma’muriyati muhandislik inshootlari muntazam nazorat qilinishi va amaldagi xavfsizlik talablariga javob berishini ma’lum qildi. Haydovchilarga yo‘l o‘tkazgichlar ostida avtomobillarni qoldirmaslik va faqat belgilangan to‘xtash joylaridan foydalanish tavsiya etildi.


