Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 18-dekabr kuni odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan shahar IIBB maʼlumot berdi.
Avtohalokat soat 17.30 larda Chilonzor tumanining “Cho‘ponota” ko‘chasida yuz bergan. 1983-yilda tug‘ilgan U.T. boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashinada yo‘l chetidan orqaga harakatlanayotgan, 1960-yilda tug‘ilgan M.A. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashgan.
YTH oqibatida Lacetti haydovchisi U.T., Cobalt haydovchisi M.A. va yo‘lovchisi — 2011-yilda tug‘ilgan M.M. olgan tan jarohatlari natijasida tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining saʼy-harakatlariga qaramasdan 11 yoshli M.M. vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.


