Toshkentdagi maktabda 4-sinf o‘quvchisiga sinfdoshlari tomonidan zo‘ravonlik qilingani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Maʼlum bo‘lishicha, Sergeli tumanidagi 300-maktabda 4-sinfda o‘qiydigan qiz bola sinfdoshlari tomonidan kaltaklangan. Bu haqda jabrlangan o‘quvchining onasi maʼlum qilgan.
Onaning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta o‘g‘il bola qizning yurak va bel qismiga sakrab tepgan. Voqeadan keyin maktab rahbariyati va o‘qituvchilar tomonidan yetarli choralar ko‘rilmagan.
Dastlab ikki nafar o‘quvchini maktabdan haydash haqida qaror qabul qilingan, biroq oradan ko‘p o‘tmay ular yana o‘qishga qaytarilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi “Zamon.uz”ga , voqea bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini maʼlum qildi.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, voqea 20 sentyabr kuni yuz bergan. Unda 4-sinf o‘quvchisi va sinfdosh o‘g‘il bolalar o‘rtasida darsdan so‘ng og‘zaki tortishuv sodir bo‘lgan.
Huqubuzarlarning ota-onalari Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan.


