Toshkent shahridagi kriminogen vaziyatni sog‘lomlashtirish hamda jinoyatchilikka barham berish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida Uchtepа tumanidagi Farhod ko‘chasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida 12 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu guruh a’zolari mijozlarning avtomobillariga ularning roziligisiz turli texnik jihozlar o‘rnatib, keyinchalik ushbu xizmat evaziga bozordagi narxdan bir necha barobar yuqori to‘lov talab qilishgan. Jumladan, 600 AQSh dollari bahoga teng xizmat uchun fuqaro 13 300 AQSh dollari to‘lashga majburlangan.
Jabrlanuvchi o‘z haqiqatini talab qilganida, unga nisbatan tahdid va qo‘rqitish yo‘li bilan bosim o‘tkazilgan.
Yana bir holatda, fuqaroning avtomashinasiga roziligisiz ehtiyot qismlar o‘rnatilib, undan uch barobar qimmat narxda to‘lov talab qilingan. Unga bosim o‘tkazish orqali 15 million so‘m undirib olingan.
Shuningdek, ikki nafar fuqaro avtomobiliga ehtiyot qismlar o‘rnatish uchun jami 70 million so‘m pul bergan, biroq va’da qilingan ishlar bajarilmagan.
Aniqlanishicha, jinoyatga aloqadorlarning ko‘pchiligi 1988–2002 yillarda Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan, ularning aksariyati ilgari sudlangan shaxslardir.
Ayni paytda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) va 168-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular qamoqqa olingan.


