Toshkent shahridagi savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 11-fevral kuni “Novza” metro bekati yaqinidagi savdo majmuasining tom qismida yuz bergan. Qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borib, binodan barcha fuqarolar evakuatsiya qilingan. Yong‘in soat 18:19 da to‘liq o‘chirildi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Yong‘indan taxminan 800 kvadrat metr maydon zarar ko‘rgan. Yong‘inni o‘chirishga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika hamda 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan.
Shu bilan birga, 31-yanvar kuni poytaxtning Yashnobod tumanidagi “Aviator” savdo majmuasida ham yong‘in sodir bo‘lgan va hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan edi.
Hozirda Toshkentdagi yong‘in yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11 va 259-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qidiruv va tergov ishlari davom etmoqda.


