1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Tramp AQSH tarixida jinoyatda aybdor deb topilgan birinchi prezident bo‘ldi

Nyu-York sudi hakamlar hayʼati Trampni unga qo‘yilgan barcha 34 ta band bo‘yicha aybdor deb topdi.

Tramp AQSH tarixida jinoyatda aybdor deb topilgan birinchi prezident bo‘ldi

U hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha 34 ta holatning har biri to‘rt yilgacha — jami 136 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Yakuniy jazoni sudya Xuan Merchan 11 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan maxsus sud majlisida belgilaydi.

 

Ayblov xulosasida Trampning advokat Maykl Koenga qilgan to‘lovlari haqida so‘z boradi. Pul o‘tkazmalari yuridik xizmatlar uchun to‘lovlar sifatida belgilangan edi, lekin ular aslida Koenning 2006 yilda Tramp bilan uchrashib yurgan Stormi Denielsga to‘lovlarini qoplagan. Denielsga to‘lovlar Trampning 2016 yilgi saylov kampaniyasiga tahdid solmasligi uchun amalga oshirilgan. Sud jarayonida ayblanuvchining 20 nafar guvohi orasida Koen va Daniels, shuningdek, Trump Organization hisobchilari va Respublikachilar partiyasi vakili Houp Hiks ham bor edi.

 

Tramp sud zalini tark etgach, bu jarayonni “siyosiylashtirilgan”, o‘tkazmalarni amalga oshirilishini "oddiy buxgalterlik xatosi" deb atadi. Hukm eʼlon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Trampning advokati Todd Blansh hakamlar hayʼati qarori ustidan shikoyat qilishini aytdi.

 

"Hakamlar hayʼatining hukmi nihoyasiga yetmagan jarayon. Biz kurashni davom ettiramiz, oxirigacha kurashamiz va g‘alaba qozonamiz, chunki mamlakatimiz do‘zaxga aylandi", — dedi sobiq prezident jurnalistlarga.

 

Nyu-York ishi Trampga qarshi ochilgan to‘rtta ishning birinchisidir. Boshqa ayblovlar bo‘yicha sudlar noyabrdagi prezidentlik saylovidan keyin boshlanmasligi ham mumkin.

 

Sud jarayoni qanday yakunlanishidan qatʼi nazar, Donald Tramp prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin. AQSH Konstitutsiyasida davlat rahbari lavozimiga nomzod uchun faqat uchta talab mavjud: u kamida 35 yoshda bo‘lishi, AQSHda tug‘ilgan va u yerda kamida 14 yil yashagan bo‘lishi kerak. Tramp iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Respublikachilar partiyasi qurultoyida prezidentlikka nomzod sifatida rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика