AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp o‘zidan oldingi hamkasblaridan farqli ravishda xotiralarini chop etish uchun uzoq vaqt kutmadi. U Oq uyni tark etganidan 1 yildan ko‘proq vaqt o‘tishi bilan “Birgalikdagi sayohatimiz” (Our Journey Together) nomli xotira kitobini eʼlon qildi.
Bu kitob oldingilaridan tubdan farq qiladi. Garchi katta reklama kampaniyalari olib borilmagan bo‘lsada, kitob muallifga o‘nlab millionlab dollar foyda keltirdi.
Memuar rasmlar to‘plami ko‘rinishida chop etilgan. Ammo bu rasmlar eksklyuziv sanalmaydi, oldin ham bir necha martalab eʼlon qilingan.
Kitobning qimmatli jihati – Trampning ham bir rasmga alohida izoh berganidir.
Kitob noshiri, respublikachi Serxio Gorning aytishicha, Tramp tarafdorlariga aynan ular xohlagan narsani bergan. Memuarda to‘plangan 300 ta rasm orasida siyosatchilarning rasmlari ham bo‘lib, sobiq prezident ayrim joylarda ularni haqoratlab ketgan. Masalan, vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi haqida gapirar ekan, uni “aqldan ozgan Nensi” deb atagan:
“U baqirardi, bargga o‘xshab titrardi, shuning uchun ham “aqldan ozgan Nensi” nomini olgan”.
Kitobning Trampning dastxati tushirilgan nusxasi 230, dastxatsiz nusxasi 75 dollardan sotilmoqda. Kitobning birinchi partiyasi 200 ming nusxada chop etildi ayni paytda yana 300 ming nusxa nashr qilinmoqda.
Tramp ayni paytda keyingi prezidentlik sayloviga tayyorgarlikni boshlagan. Bir necha kun oldin uning shtabi saylovoldi kampaniyasiga pul yig‘ish uchun prezident bilan kechki ovqat dasturini eʼlon qildi.
Sharofat Mahmudova


