Reuters axborot agentligi xabariga ko‘ra, 21-noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduro bilan o‘tkazgan telefon muloqoti davomida unga oilasi bilan birgalikda mamlakatni tark etishi uchun juma kunigacha muddat bergan.
Ma’lum qilinishicha, suhbat 15 daqiqa davom etgan bo‘lib, Tramp Maduroning ilgari surgan aksariyat takliflarini rad etgan. Shunga qaramay, AQSh rahbari unga oilasi bilan xavfsiz tarzda mamlakatdan chiqib ketish uchun bir haftalik imkon taqdim etishga rozilik bildirgan. Belgilangan muddat 28-noyabr, juma kuni yakunlanganidan so‘ng, ertasi kuni — shanba kuni Venesuela havo hududi yopilganligi e’lon qilingan.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Maduro vitse-prezident Delsi Rodrigesga yangi saylovlar jarayoni vaqtida muvaqqat ma’muriyatni boshqarish imkoniyatini taklif qilgan. CNN ning yozishicha, Maduro o‘z lavozimini tark etishga tayyorligini bildirgan, biroq buni darhol amalga oshirish mumkin emasligini, 18 oygacha muddat talab etilishini qayd etgan. Telekanalning ta’kidlashicha, AQSh rasmiylari orasida bu taklifni muqobil yechim sifatida ko‘ruvchilar bo‘lgan. Biroq Oq uy Venesuela rahbarining zudlik bilan iste’fosida qat’iy pozitsiyani saqlab qolgan.


