AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp o‘zining qayta saylanish kampaniyasi uchun 72 million dollardan ko‘proq mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi, bu uning respublikachi raqiblaridan bir necha barobar ko‘pdir. Bu haqda Bloomberg agentligi AQSH Federal saylov komissiyasi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, Amerikaning sobiq rahbari iyul oyi oxirigacha 72,6 million dollar xayriya to‘plagan, 61 million dollarni esa 2022 yil noyabrida prezidentlik poygasida ishtirok etishini eʼlon qilganidan keyin olgan. Shu bilan birga, Florida gubernatori Ron Desantis hozirgacha bor-yo‘g‘i 17,2 million dollarga yaqin, AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli esa 13,9 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Tramp davrida bu lavozimni egallagan AQSHning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens 888 ming dollargina mablag‘ jamg‘argan.
Donorlar soni bo‘yicha ham Tramp yetakchilik qilmoqda – 450 mingga yaqin kishi respublikachilar yetakchisiga turli miqdorda xayriya o‘tkazgan. Eng yaqin taʼqibchi Desantisning bu ko‘rsatkichi 86 ming atrofida. Shu bilan birga, Tramp kampaniyasiga xayriya qilganlarning 92 foizi, Bloomberg taʼkidlashicha, prezidentlik poygasining boshqa ishtirokchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlamagan.
CBS va YouGov kompaniyalari tomonidan 16-18 avgust kunlari o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Trampning respublikachilar partiyasi tarafdorlari orasidagi pozitsiyasi ayblov xulosalari fonida mustahkamlanmoqda. Sotsiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning 62 foizi Trampni Respublikachilar partiyasi prezidentligiga nomzod sifatida tanlaymiz, deb javob bergan. Ikkinchi o‘rinda 16% ovoz bilan Florida gubernatori Ron Desantis. Shu tariqa, Tramp va uning asosiy raqobatchisi o‘rtasidagi farq 46 foiz punktni tashkil qildi. Iyul oyiga nisbatan bu ko‘rsatkich 8 foiz punktga oshgan.
AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadi. AQSHning amaldagi prezidenti, demokrat Jo Bayden aprel oyida qayta saylanish niyatida ekanini aytgandi.


