AQSh prezidenti Donald Trampning ta’kidlashicha, uning Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha erishgan diplomatik natijalari Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan kutilmagan holda yuqori baholangan. Bu haqda Tramp AQSh–Saudiya Arabistoni sarmoyaviy forumi davomida ma’lum qilgan deydi Ria novosti nashri.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin uning muloqot va muzokaralar orqali ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishga erishganidan hayrat bildirgan.
“O‘sha kuni Putin menga qo‘ng‘iroq qilib, bu masalani bartaraf etganimga ishonmasligini aytdi”, — dedi Tramp.
Ma’lumot o‘rnida, 8-avgust kuni Vashingtonda Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari AQSh prezidenti ishtirokida yetti banddan iborat Qo‘shma deklaratsiya imzolagan edi. Shuningdek, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tinchlikni mustahkamlash va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatishga qaratilgan bitim loyihasini paraflashgan.


