Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushni tugatish bo‘yicha yangi rejasini taqdim etdi. Rejaga ko‘ra, Rossiya hozir nazorat qilmayotgan hududlarni Ukrainaga berilishi kerak. Buning evaziga AQSH Ukraina va Yevropani kelajakdagi Rossiya tajovuzlaridan himoya qilish bo‘yicha xavfsizlik kafolatlarini taqdim qiladi. Bu haqda bevosita jarayondan xabardor bo‘lgan AQSH hukumatidagi manbalariga tayanib “Axios” xabar qildi.
Ukraina va uning tarafdorlariga ko‘ra bu reja Rossiya foydasiga yon bosish hisoblanadi. Oq uy pozitsiyasicha, agar urush davom etsa Ukraina bu hududlarni baribir yo‘qotadi.
“Shuning uchun Ukraina manfaatlaridan kelib chiqib, kelishuvga rozi bo‘lish kerak”, - deyiladi Oq uy bayonotida.
Hozirgacha Ukraina bo‘yicha muzokaralarda urush qanday yakunlanishi, yakunlangan taqdirda ham qaysi hudud kimning nazorati ostida qolishi va kelajakda Rossiya yana urushni qayta boshlamasligi katta so‘roq ostida qolmoqda.
Trampning 28 banddan iborat rejasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Rossiya Lugansk va Donetsk ustidan to‘liq de-fakto nazoratga ega bo‘ladi (umumiy nomi — Donbass), garchi Ukraina hozircha ushbu hududlarning 14,5 foizini nazorat qilib turgan bo‘lsa ham (Urushni o‘rganish instituti tahliliga ko‘ra).
Ukraina qo‘shinlarini olib chiqadigan Donbass hududlari demilitarizatsiya qilingan zona deb eʼlon qilinadi va Rossiya bu yerga qo‘shin joylashtirolmaydi.
Xerson vaZaporoje viloyatlarida hozirgi front chizig‘i asosan muzlatib qo‘yiladi, Rossiya ayrim yerlardan qaytishi mumkin — bu muzokaraga bog‘liq.
Eʼtiborli jihat: Rejaga ko‘ra, AQSH va boshqa davlatlar Qrim hamda Donbassni Rossiyaning qonuniy hududi sifatida tan oladi, biroq Ukrainadan buni tan olish talab qilinmaydi.
Ukraina rasmiysining aytishicha, reja Ukraina armiyasi soniga va uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollariga cheklov qo‘yishni ham o‘z ichiga oladi — buning evaziga AQSH xavfsizlik kafolatlari taklif etilmoqda. Ukraina rasmiysi, shuningdek, Donbass bo‘yicha hududiy yon berishlar reja tarkibida borligini ham tasdiqlagan.
AQSHning xavfsizlik kafolatlari aynan nimalarni o‘z ichiga olishi hozircha nomaʼlum, faqat Rossiyaning kelajakdagi tajovuziga qarshi mudofaa vaʼdasidan iborat ekani aytilgan.
Jarayon haqida bevosita xabardor ikki manbaga ko‘ra, Qatar va Turkiya Trampning yangi rejasini tayyorlash va AQSH vositachiligini qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etmoqda.
“Qatar va Turkiya vositachiligi G‘azodagi urushni yakunlashda yordam berdi. Xuddi shu vositachilik Ukrainadagi urushni tugatishda ham yordam berishi mumkin”, — deydi manbalardan biri.
Manbaga ko‘ra, o‘tgan hafta Tramp elchisi Stiv Vitkoff va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Rustem Umerov o‘rtasidagi uchrashuvda Qatar yuqori martabali rasmiysi ham qatnashgan.
Bevosita jarayondan xabardor manbaning aytishicha, Umerovga Zelenskiy tomonidan Vitkoff bilan muzokaralar olib borish uchun vakolat berilgan va uning ko‘plab fikrlari 28 bandlik reja matniga kiritilgan.
Manbaga ko‘ra, muzokaralarda muhim kelishuvlar ham mavjud bo‘lgan.
Ukraina rasmiysi Zelenskiy Umerovni AQSH rejasi bo‘yicha og‘zaki xabardor bo‘lish uchun yuborganini tasdiqladi, biroq Umerov Vitkoffdan hech qanday yozma taklif olmaganini aytdi. Ukraina rasmiysi, shuningdek, Zelenskiyning maslahatchisi muzokaralarda reja shartlarini qabul qilmaganini va Ukraina ko‘plab bandlarga qarshi ekanini taʼkidladi.
Vitkoff Umerov bilan uchrashuvdan avval Rossiya vakili Kirill Dmitriyev bilan ham rejani keng muhokama qilgan.
Tramp rejasining ayrim tafsilotlari ilk bor Financial Times tomonidan yoritilgan.
Turkiyaning Tramp tinchlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashidan kelib chiqib, Vitkoff chorshanba kuni Anqaraga borib, Zelenskiy va Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirganini AQSH rasmiysi maʼlum qilgan.
AQSH vakilining aytishicha, uchrashuv Zelenskiy Umerov orqali erishilgan kelishuvlardan orqaga cheka boshlagani va Tramp rejasi bo‘yicha muloqotga qiziqmayotgani maʼlum bo‘lgach, qoldirilgan. Rasmiyning fikricha, Zelenskiy Anqaraga Yevropa davlatlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan va Rossiya hech qachon qabul qilmaydigan boshqa reja bilan ketgan.
Ukraina rasmiysi esa uchrashuvning qoldirilishini Zelenskiy muzokarani Yevropa davlatlari ishtirokidagi kengaytirilgan formatda o‘tkazishni so‘ragani bilan izohlagan.
Yana bir AQSH rasmiysi Ukrainada Zelenskiyning yaqin maslahatchilaridan ayrimlariga qarshi korrupsiya tergovi bilan bog‘liq ichki siyosiy mojaro ham uchrashuvning qoldirilishiga sabab bo‘lganini aytdi.
Rasmiyga ko‘ra, Tramp Vitkoffga Anqarada Zelenskiy bilan kelishuvga erishishga urinishi bo‘yicha to‘liq vakolat bergan va uchrashuvni bekor qilish qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
“Biz endi kutamiz. Qaror endi Zelenskiyning qo‘lida”, — dedi AQSH rasmiysi. Unga ko‘ra, Zelenskiy istasa, yangi AQSH rejasini muhokama qilish uchun Vashingtonga kelishi mumkin.


