Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining asosiy bayonotlarini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, BMT katta salohiyatga ega bo‘lsa-da, hozircha mazkur imkoniyatlardan, ayniqsa, xalqaro mojarolarni hal etishda yetarlicha foydalanilmayapti.
Tramp Xitoy va Hindistonni Ukraina mojarosining asosiy homiylari qatorida tilga oldi, chunki ular Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni davom ettirmoqda. Shuningdek, agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, AQSh unga nisbatan jiddiy bojxona cheklovlari kiritishini ta’kidladi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u BMT minbariga “xavfsizroq dunyo barpo etishga tayyor bo‘lganlarga Amerika qo‘lini uzatish” uchun kelgan.
Tramp, shuningdek, G‘azo sektoridagi urush darhol to‘xtatilishi, garovdagilar ozod etilishi lozimligini bildirdi. U Ukraina mojarosini to‘xtatish yo‘lida izchil harakat qilayotganini, shu jumladan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlari yaxshi ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, u jahon hamjamiyatini biologik qurol ishlab chiqishdan butunlay voz kechishga chaqirdi. Yevropadagi migratsiya masalalariga to‘xtalar ekan, “Mamlakatlaringiz do‘zaxga qarab ketmoqda”, deya keskin fikr bildirdi.


