AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha bayonotlari va tahdidlari fonida NATOga a’zo Yevropa davlatlarining ilk harbiy bo‘linmalari orolga yetib keldi. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 15-yanvarga o‘tar kechasi Daniya harbiy xizmatchilarini olib ketayotgan Hercules rusumli harbiy samolyot Grenlandiya poytaxti Nuuk yaqinida joylashgan Daniya Qurolli Kuchlari qo‘mondonlik markaziga qo‘ngan. Samolyot bortida fransiyalik ofitser va askarlar ham bo‘lgan.
Shu bilan birga, orolning g‘arbiy qismidagi Kangerlussuaq hududiga Daniyaga tegishli yana bir harbiy vertolyot qo‘ngani xabar qilindi. Qayd etilishicha, har ikkala havo kemasi parvoz vaqtida identifikatsiya tizimlarini o‘chirib qo‘ygan.
Manbalarga ko‘ra, yaqin kunlarda Germaniyadan 13 nafar harbiy xizmatchi ikki kunlik razvedka missiyasi doirasida Grenlandiyaga yetib kelishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Shvetsiya va Norvegiya ham orolga qo‘shin yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu missiya NATOning rasmiy tuzilmalari orqali emas, balki bevosita Kopengagen tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Qo‘shma Shtatlar mazkur jarayonda ishtirok etmayapti. Harbiy bo‘linmalarni joylashtirish bo‘yicha tayyorgarlik Trampning so‘nggi bayonotlaridan keyin boshlangan bo‘lib, jarayon maxfiy tarzda olib borilmoqda.
Missiyaning asosiy maqsadi — mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalasida Daniyaga harbiy ko‘mak berish imkoniyatlarini baholashdir. Qayd etilishicha, birinchi bo‘linmalar Daniya, Grenlandiya va AQSh o‘rtasida Oq uyda o‘tkazilgan muzokaralar samarasiz yakunlanganidan so‘ng orolga yuborilgan.


