AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi Oval kabinetda yaqinda saylangan Nyu-York meri Zohran Mamdani bilan uchrashdi. Avvaldan bir-birini keskin tanqid qilib kelgan ikki siyosatchi o‘rtasidagi ilk uchrashuv kutilganidan ancha iliq va konstruktiv ruhda o‘tdi.
BBC’ning Vashingtondagi muxbiri Bernd Debussmanning xabar berishicha, Tramp Mamdaniga samimiy munosabat bildirgan va Oq uy yangi merga hamkorlik qilishi, “kutilganidan ham ko‘proq masalalarda kelishuvga erishilishi”ni ta’kidlagan.
“Bizning umumiy maqsadimiz bor — sevgan shahrimizning ravnaqi”, dedi Tramp.
Mamdani esa prezidentning uchrashuv davomida ziddiyatlarga emas, balki Nyu-York aholisiga xizmat qilishdek umumiy vazifaga urg‘u berganini alohida qayd etdi.
Demokratlardan nomzod bo‘lgan 34 yoshli Mamdani noyabr boshida o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozongan edi. Saylov kampaniyasi chog‘ida Tramp uning saylanishiga qarshi chiqib, hatto uni “kommunist” deb atagan, Mamdani esa prezidentni “despot” va “fashist” deya tanqid qilgan edi.
Shunga qaramay, Oq uydagi uchrashuvda kayfiyat ijobiy bo‘lib, siyosatchilar jurnalistlar savollariga hazil aralash munosabat bildirdi. Tramp Mamdanining ilgari aytgan keskin ta’riflariga izoh berar ekan, “Meni bundan ham yomon so‘zlar bilan atashgan, bu unchalik katta muammo emas”, dedi. Savolga javoban Mamdanining jilmayib “ha” deb tasdiqlashi uchrashuvdagi yumshoq ohangni yanada mustahkamladi.
Tomonlar qator masalalarda farqli pozitsiyani saqlab qolgan bo‘lsa-da, uchrashuvda muhim dolzarb mavzular — jinoyatchilikka qarshi kurash, shahar xavfsizligi va aholining ijtimoiy himoyasi bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Mamdani ICE agentliklari tomonidan o‘tkazilayotgan reydlar borasida noroziliklarni ko‘targanini aytdi. Tramp esa suhbat asosan jinoyatchilik mavzusiga qaratilganini bildirdi.
34 yoshli Zohran Mamdani — Nyu-York tarixidagi eng yosh merlardan biri, shuningdek, musulmon bo‘lgan birinchi mer va afro-amerikalik (Ugandada tug‘ilgan) mer hisoblanadi. Uning tezkor siyosiy yuksalishi Reuters agentligi tomonidan Demokratik partiya ichidagi muhim o‘zgarishlar belgisi sifatida baholanmoqda.


