Prezident tomonidan "Maʼmuriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, transport sohasidagi ayrim funksiyalar xususiy sektorga o‘tkazilmoqda. Jumladan, Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etilmoqda. U avtomobil, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Inspeksiya quyidagi huquqlarga ega:
-
avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va maʼmuriy jazo choralarini qo‘llash;
-
avtotransport vositasida yuk va yo‘lovchilar tashish qoidalarining buzilishi aniqlanganda, avtotransport vositasini yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha postlarda tekshirish uchun to‘xtatish.
Bundan tashqari, hujjat bilan quyidagi nazorat tadbirlarini biznes-ombudsmanning ruxsatisiz, uni xabardor qilmasdan, «xavfni tahlil etish» tizimini qo‘llamagan holda (moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda) amalga oshirishga ruxsat etilmoqda:
-
Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviasiyasi agentligi tomonidan fuqaro aviasiyasi tashkiloti va korxonalarida parvozlar xavfsizligiga rioya etilishi yuzasidan Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotining standartlarida belgilangan rejali va to‘satdan tekshiruvlar o‘tkazish;
-
Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan avtomobil transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish qoidalariga rioya etilishini tashish jarayonida reydlar o‘tkazgan holda nazorat qilish.
Transport nazorati inspeksiyasi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilib, «xavfni tahlil etish» tizimini qo‘llamagan holda temir yo‘l transportida harakat va tashishlar xavfsizligi, yuk va yo‘lovchilarni tashish qoidalari hamda yo‘l qurilishi obyektlarida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi bo‘yicha tekshiruvlarni utkazadi.


