Tunis tashqi ishlar vaziri Usmon Jerandi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni mamlakat ichki ishlariga aralashishda aybladi. Bu haqda u Twitter sahifasida yozgan.
"Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan telefon muloqoti o‘tkazdim. Bundan tashqari, turk elchisi TIVga chaqirildi. Men ularga Tunis prezident Erdo‘g‘anning bayonotlarini rad etib, uni mamlakat ichki ishlariga aralashuv sifatida baholanishini maʼlum qildim", — deb yozgan Jerandi.
Shuningdek, u ikki davlat munosabatlari Tunis mustaqilligini hurmat qilish tamoyiliga asoslanishi lozimligini qayd etgan.
Jerandi noroziligiga Erdo‘g‘anning Tunis parlamenti tarqatib yuborilganini qoralashi sabab bo‘lgan. Turkiya rahbari bu tadbirni "Tunis xalqi ozodligiga zarba va demokratiyaga tushgan dog‘" sifatida baholagan. 30-mart kuni Tunis prezidenti Kais Said mamlakat parlamentini tarqatib yubordi.
Avvalroq Erdo‘g‘an gaz sabab Rossiyaga qarshi sanksiya joriy eta olmasligini aytgandi.


