Turkiyaning milliy neft kompaniyasi TPAO va AQShning Chevron kompaniyasi o‘rtasida neft va tabiiy gazni qidirish hamda qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat Istanbul shahrida imzolangan bo‘lib, energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini baholashni nazarda tutadi. Bu haqda Oxu.az xabar bermoqda.
Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar ushbu memorandum ikki davlat o‘rtasidagi energetik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Turkiyada ham, xalqaro miqyosda ham qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Vazir, shuningdek, Turkiyaning Kabar mintaqasi va Qora dengizdagi mavjud loyihalarini xalqaro hamkorlik bilan qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilayotganini bildirdi. Bu tashabbuslar TPAO kompaniyasini kuniga bir million barrel neft ishlab chiqarish quvvatiga ega global energetika kompaniyasiga aylantirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, yaqin kelajakda yangi shartnomalar va xalqaro hamkorlik bitimlarini imzolash rejalashtirilmoqda. Rasmiylar amalga oshiriladigan aniq loyihalar haqida keyinchalik jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.


