Turkiya parlamentida Adliya tizimidagi bahsli lavozimga tayinlov masalasi muhokamasi vaqtida deputatlar o‘rtasida keskin mojaro yuzaga keldi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Xabarlarga ko‘ra, Istanbulning yangi adliya tizimi vakili — bosh prokuror Akin Gurlekning qasamyod qabul qilish marosimi paytida muxolifatdagi Respublika Xalq partiyasi (CHP) hamda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) deputatlari o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan.
Muxolifat vakillari Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan yuqori sud tizimi lavozimiga tavsiya etilgan Gurlekning parlamentda qasamyod qabul qilish jarayoniga to‘sqinlik qilishga uringan. Vaziyat keskinlashib borishi natijasida deputatlar o‘zaro itarishib ketgan, ayrim holatlarda jismoniy kuch ishlatilgan.
Qayd etilishicha, avvalroq Akin Gurlek tomonidan Istanbul shahri meri Ekrem Imomo‘g‘liga nisbatan hibsga olish orderi chiqarilgani mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan edi.


