1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Turkiyada Ali Qushchi vafotining 550 yilligi nishonlanmoqda

Shu munosabat bilan bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Turkiyada Ali Qushchi vafotining 550 yilligi nishonlanmoqda

 

Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya fanlar akademiyasi, Istanbul texnika universiteti hamda Madaniyat universiteti hamkorligida “o‘z davrining Batlimusi” deb tanilgan faqih, matematik va astronom olim Ali Qushchi vafotining 550 yilligiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tmoqda.

 

Unda Istanbul shahar meri Ekrem Imamog‘lu, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffar Sheker, shuningdek, Ali Qushchi faoliyatiga oid ilmiy izlanishlar olib borgan olimlar qatnashmoqda.

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti Bahrom Abduxalimov ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etishmoqda.

 

— O‘zbek va turk xalqlarining tili, dini, an’ana va urf-odatlari, tarixi bir ildizga borib taqaladi. Madaniy merosimizda ham mushtarak jihatlar juda ko‘p. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdog‘an tashabbuslari bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar tobora mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, madaniy-ma’rifiy aloqalarimiz ham jadal rivojlanmoqda, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) direktori Firdavs Abduxoliqov. — Aytish kerakki, WOSCU tomonidan ham bu buyuk olimlar merosini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, Ulug‘bek astronomiya maktabida qayta ishlangan va kitobat qilingan As-Sufiyning “Qo‘zg‘almas yulduzlar kitobi”ning Fransiya kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmasining faksimile nusxasi chop etildi. Yaqinda jamiyatimiz a’zosi, turkiyalik do‘stimiz, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez Ali Qushchining o‘g‘lining qalamiga mansub, turkiy tildagi qo‘lyozma topilganini ma’lum qildi. Buyuk alloma Ali Qushchi hayoti va faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan simpoziumning davomini 2025 yilda O‘zbekistonda – alloma tug‘ilib o‘sgan Samarqandda o‘tkazishni taklif etamiz. Shu bilan birga turk va o‘zbek olimlari forumini ham tashkil etish niyatimiz bor. Bunda turk dunyosining madaniy merosi, allomalari hayotini tadqiq etish ko‘zda tutilmoqda.

 

"Xalqaro Ali Qushchi simpoziumi va ko‘rgazmasi" olimning ijodi va faoliyatini chuqur o‘rganish va jamoatchilikka tanitish maqsadida tashkil etildi. Rami kutubxonasida olimga bag‘ishlab tashkil etilgan "Samarqanddan Istanbulga: Ali Qushchi ilmiy merosi" ko‘rgazmasida Ali Qushchining o‘z qo‘li bilan yozilgan asarlari, XV-XVI asrlarga oid ilmiy kitoblar va artefaktlar mavjud. Ushbu ko‘rgazma olimning hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratadi.

 

Ikki kun davom etadigan simpozium 6 sessiyada tashkil etilgan bo‘lib, Ali Qushchining islom sivilizatsiyasidagi ilmiy merosini xalqaro miqyosda yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика