Turkiyada “Erondan ko‘rsatma” olib teraktga tayyorlagan besh nafar terrorchi mamlakat janubi-sharqida portlovchi moddalar bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri maʼlum qildi.
“Operatsiya chog‘ida besh nafar terrorchi portlovchi moddalar bilan qo‘lga olindi, ular Erondan terakt uyushtirish bo‘yicha ko‘rsatma olganlar”, — degan vazir.
Uning aytishicha, jinoyatchilar Afrin shahri orqali Turkiya hududiga kirgani haqida taxminlar bor.
Eslatib o‘tamiz, 13-noyabr kuni Istanbul markazidagi piyodalar uchun mo‘ljallangan “Istiqlol” ko‘chasida portlash yuz berib, 6 kishi halok bo‘lgandi va 81 kishi yaralangandi. Shundan so‘ng terrorchilikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingan va u Turkiyada taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) bilan aloqasi borligini tan olgan.


