Turkiya Ichki ishlar vazirligi Anqara va Istanbul shaharlarida terrorchilik faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilingan 127 nafar shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Ular IShID (DAISH) terrorchilik tashkiloti bilan bog‘liqlikda gumon qilinmoqda.
AZERTAC xabariga ko‘ra, hibsga olishlar 29-dekabr kuni Yalova viloyatida politsiya xodimlari bilan yuz bergan qurolli to‘qnashuv ortidan boshlangan keng ko‘lamli maxsus operatsiyalar doirasida amalga oshirilgan.
Istanbul shahar prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, operatsiyalar Yangi yil arafasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy terrorchilik hujumlari haqidagi razvedka ma’lumotlarini tahlil qilish asosida o‘tkazilgan. Qo‘lga olinganlarning 110 nafari Istanbul shahrida aniqlangan bo‘lib, ular orasida chet el fuqarolari ham bor.
Avvalroq, Yalova viloyatida IShID jangarilari bilan bo‘lgan otishmada uch nafar politsiya xodimi halok bo‘lgani, sakkiz nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimi va bir nafar qo‘riqchi jarohatlangani xabar qilingan edi. To‘qnashuv davomida olti nafar terrorchi yo‘q qilingan.


