1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Turkiyaning Xatay viloyatida zilziladan jabrlanganlar uchun “O‘zbekiston mahallasi” barpo etildi

O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan majmua 2,2 gektar maydonni egallab, 306 xonadondan iborat 24 ta turar joy binosini o‘z ichiga oladi.

Turkiyaning Xatay viloyatida zilziladan jabrlanganlar uchun “O‘zbekiston mahallasi” barpo etildi

 

 

Turkiyaning Xatay viloyatida zilziladan jabr ko‘rgan oilalar uchun “O‘zbekiston mahallasi” nomli zamonaviy turar joy majmuasi qurilishi yakunlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

 

Tabiiy ofatdan so‘ng O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib Turkiyaga insonparvarlik yordamini yo‘llagan davlatlar qatoridan joy oldi. 2023-yil fevral–mart oylarida Xatay viloyatida 60 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi maxsus texnika bilan vayronalarni tozalash va qutqaruv ishlarida ishtirok etgan edi.

 

Jabrlangan aholiga ko‘mak berish doirasida O‘zbekiston hukumati va Turkiyaning ommaviy uy-joy qurilishi agentligi (TOKI) hamkorligida Xatay viloyatining Arsuz tumanida “O‘zbekiston mahallasi” turar joy majmuasi barpo etildi. O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan majmua 2,2 gektar maydonni egallab, 306 xonadondan iborat 24 ta turar joy binosini o‘z ichiga oladi.

 

Xonadonlar to‘liq ichki pardozdan chiqarilgan bo‘lib, suv va elektr ta’minoti tizimlari, quyosh panellari orqali suv isitish uskunalari hamda zarur maishiy texnikalar bilan jihozlangan. Shuningdek, bolalar va sport maydonchalari, avtoturargohlar va dam olish hududlari barpo etilgan.

 

Mazkur majmua Turkiyada bunyod etilayotgan 45 gektarlik yangi shaharchaning bir qismi hisoblanadi. Ushbu hududda masjidlar, maktablar va boshqa ijtimoiy obyektlarni o‘z ichiga olgan jami 270 ta bino va 3093 ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan. “O‘zbekiston mahallasi” esa ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam ishonch va o‘zaro hurmatning yorqin timsoli sifatida e’tirof etilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика