Joriy yilning 13-fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat lavozimlariga tayinlov va lavozimdan ozod etish bo‘yicha 50 dan ortiq farmon va qarorni imzoladi, deb xabar beradi “Orient.tm”.
Farmonlarga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosarlari Mammedxon Chakev, Bayramgul Orazdurdiyeva va Botir Omonov lavozimidan ozod qilindi. Ularning o‘rniga Botir Annayev, Botir Mammedov va Guvanch Agajanov tayinlandi.
Shuningdek, bir qator vazirlik va idoralar rahbarlarida ham o‘zgarishlar bo‘ldi:
Sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vaziri Murod Mammedov pensiyaga chiqarildi, o‘rniga Murodberdi G‘oyipov tayinlandi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Chorigeldi Boboniyozov ozod etildi, o‘rnini Avezgeldi Goshjanov egalladi.
Oziq-ovqat sanoati davlat birlashmasi raisi Bekmurod Otayev ozod etildi, o‘rniga Bayramdurdi Tejenov tayinlandi.
Avtomobil yo‘llarini boshqarish agentligi negizida yangi Avtomobil yo‘llari vazirligi tashkil etildi, unga Xonkeldi Karimov rahbarlik qiladi.
Neft-gaz masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi Ashirguli Begliyev pensiyaga chiqarildi.
Bundan tashqari, Turkmanboshi, Turkmanobod, Mari shaharlari hamda qator tumanlar hokimlari ham yangilandi.
Avvalroq Prezident Serdar Berdimuhamedov Milliy xavfsizlik vazirini lavozimidan ozod qilgan edi.


