1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Turkmanistonda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotini mintaqadagi ayollar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi, yuqori sifatli maslahatlar platformasi sifatida shakllantirishga barcha saʼy-harakatlarni safarbar qiladi. Bu haqda 6 avgust kuni Turkmanboshida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bilan parallel ravishda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining forumida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva maʼlum qildi.

Turkmanistonda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining forumi bo‘lib o‘tdi

 

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Tanzila Norboyeva ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sari muloqotning transformatsion o‘zgarishlarni amalga oshirish qobiliyatiga optimistik munosabatda ekanini taʼkidlagan. U davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, taʼlim, ilm-fan, sanʼat va gender tengligini taʼminlash sohalarida Markaziy Osiyo davlatlari ayollari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga ishonch bildirgan.

 

Tadbir davomida «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» kun tartibi, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibi, Global maqsadlarga erishish uchun harakatlar o‘n yilligiga muloqotning sodiqligini tasdiqlaydigan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari forumi deklaratsiyasi qabul qilingan. Shuningdek, ushbu hujjatda Markaziy Osiyoda ayollarning ilmiy, texnik, ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini to‘liq amalga oshirishning samarali usullarini ishlab chiqish, ayol va qizlarning tadbirkorlik sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni davom ettirish tarafdori bo‘lgan muloqotning nuqtai nazari qayd etilgan.

 

Forum yakunida muloqot ishtirokchilari hamkorlikni yana-da kengaytirish, ushbu mintaqaviy platformaning samarali ishlashini taʼminlash uchun ijobiy tajriba almashish va Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaati uchun mintaqaviy sheriklikni chuqurlashtirishga muhim hissa qo‘shish zarurligi to‘g‘risida kelishib olgan.

 

Forumda nutq so‘zlagan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Natalya German ayollarning to‘liq iqtisodiy ishtirokisiz gender tengligiga erishish imkonsizligini taʼkidlagan. «Shuning uchun ham muloqotimizning bu yo‘nalishdagi faoliyati juda muhim. Ayollarning iqtisodiy salohiyati va iqtisodiy hamkorligining rivojlanishi shubhasiz mintaqaning rivojlanishi, yangi imkoniyatlar ochilishi, barqaror tinchlik va xavfsizlikka hissa qo‘shishiga yordam beradi», — deydi Natalya German.

 

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish bo‘yicha videokonferensaloqa shaklida ilk uchrashuv 2020 yilda o‘tkazilgan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика