1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

“Tushdan sahnaga: Shirin Abdullayeva ruhi bilan yaratilgan asar”

16-yanvar kuni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, marhuma isteʼdodli sanʼatkor Shirin Abdullayeva xotirasiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

“Tushdan sahnaga: Shirin Abdullayeva ruhi bilan yaratilgan asar”

 

2026-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi binosining konsert zalida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, marhuma isteʼdodli sanʼatkor Shirin Abdullayeva xotirasiga bag‘ishlangan “Tugallanmagan qo‘shiq” nomli xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

 

     

 

Mazkur tadbir milliy madaniyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan yosh ijodkorning yorug‘ xotirasini yod etish, uning boy ijodiy merosini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi. Xotira kechasi O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda ijod ahli, sanʼatshunoslar, davlat va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

 

Tadbir Shirin Abdullayevaning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kirish so‘zi bilan ochildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev marhuma sanʼatkor asarlarining yaratilish tarixi, badiiy qiymati va ularning zamonaviy musiqada tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.

 

     

 

Kechada alohida taʼsirli lahzalardan biri Rustam Abdullayev tomonidan so‘zlab berilgan ruhiy va ijodiy xotira bo‘ldi. Uning aytishicha, Shirin Abdullayeva bir kecha uning tushiga kirib, nay chalgan. Ana shu nay ohangi kompozitor qalbida chuqur taʼsir qoldirgan va aynan shu musiqiy g‘oya asosida Rustam Abdullayev ushbu kechada yangragan kuyni shaxsan o‘zi bastalagan. Bu asar xotira kechasida ilk bor ijro etildi va tomoshabinlar tomonidan katta hayajon bilan qarshi olindi.

 

       

 

Xotira kechasida marhumaning oila a‘zolari, ustozlari tomonidan samimiy xotira so‘zlari aytildi. Jumladan, onasi qizining betakror isteʼdodi haqida to‘xtalib, quyidagilarni taʼkidladi:

“Shirin ajralib turadigan, yurakka sig‘maydigan kuch va energiyaga ega edi. U bir vaqtning o‘zida turli sohalarni olib ketar, nima talab qilinsa, shunga yarasha eng yaxshisini qilishga harakat qilardi.”

 

Shirin Abdullayevaning ijodiy salohiyatiga doir yana bir qator yorqin misollar keltirildi. Xususan, Xitoyda o‘tkazilgan bayram tadbiri uchun unga qisqa muddat ichida 8 ta turli xalq tilida qo‘shiq tayyorlash vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, u bu masʼuliyatli ishni 15 kun ichida muvaffaqiyatli bajargan. Shuningdek, uning har bir qo‘shig‘i sahnada raqs bilan uyg‘un holda ijro etilgani, musiqa, harakat va obraz bir butun sanʼat asariga aylangani taʼkidlandi.

 

   

 

Kecha yakunida Shirin Abdullayeva xotirasiga nisbatan umumiy ehtirom ifodalanib, uning milliy sanʼatimizda qoldirgan yorug‘ izi abadiy ekani taʼkidlandi.

 

Maʼlumot o‘rnida: Shirin Abdullayeva 2005-yilda tug‘ilgan. Qisqa, ammo mazmunli ijodiy faoliyati davomida u qo‘shiqchi va ijodkor sifatida keng eʼtirofga sazovor bo‘lgan, qator mashhur qo‘shiqlari va xalqaro ijodiy loyihalardagi ishtiroki bilan muxlislar mehrini qozongan. 2023-yilda sanʼat sohasidagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Afsuski, isteʼdodli sanʼatkor 2025-yilda 19 yoshida vafot etgan.

 

“Tugallanmagan qo‘shiq” xotira kechasi Shirin Abdullayevaning sanʼatga bag‘ishlangan hayoti, uning so‘nmas isteʼdodi va milliy madaniyatimizda qoldirgan bebaho merosiga bo‘lgan chuqur ehtirom ifodasi sifatida o‘tdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика