Toshkent shahrida aholiga yetkazilayotgan ichimlik suvi har doim nazorat qilinadi va milliy standart talablariga to‘liq javob beradi. Bu haqda “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ bo‘lim boshlig‘i Feruza Hoshimova ma’lum qildi.
Mutaxassisning bildirishicha, shaharning asosiy ichimlik suvi manbalari Chorvoq va Ugam daryolaridan olinadi va suv iste’molchiga yetib borguncha to‘rtta texnologik jarayondan o‘tadi: tindirish, birlamchi zararsizlantirish, suzish orqali kvarts va seolit qumlaridan tozalash hamda ikkilamchi zararsizlantirish. Yakunda suv quvurlar orqali aholi iste’moliga yetkaziladi.
Feruza Hoshimova suv sifatini nazorat qilish O‘zbekiston milliy standartlariga to‘liq mos kelishini, kimyoviy, bakteriologik va toksikologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil-sinovlar muntazam o‘tkazilishini ta’kidladi.
Mutaxassis shuningdek, ichimlik suvida inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan makroelementlar (kalsiy, magniy, natriy, kaliy) va mikroelementlar (temir, ftor, yod, rux) tabiiy holda saqlanishini ma’lum qildi. Ichimlik suvi qattiqligi odatda 2–4 daraja bo‘lib, standart me’yorga mos keladi.
“Ba’zi odamlarga suv biroz tuzliroq tuyilishi mumkin, lekin bu uning sifati yomon degani emas. Har doim ishlab chiqarilayotgan ichimlik suvi nazoratimizda bo‘ladi”, dedi Feruza Hoshimova.


