Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi U-23 Osiyo kubogi “C” guruhi doirasida Janubiy Koreyaga qarshi bahsda ishonchli g‘alabaga erishdi. Ar-Riyod shahridagi “Shahzoda Faysal bin Fahd” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:0 hisobida jamoamiz foydasiga hal bo‘ldi.
Bahsdagi hisob 48-daqiqada Behruzjon Karimov tomonidan ochildi. Ikkinchi bo‘limda o‘zbekistonlik futbolchilar ustunligini saqlab qoldi va 70-daqiqada jamoa sardori Saidumarxon Saidnurullayev gol urib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Mazkur g‘alaba O‘zbekistonga “C” guruhida 1-o‘rinni ta’minladi va chorak final yo‘llanmasini olib keldi. Guruhning yana bir uchrashuvida Livan Eronni 1:0 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Janubiy Koreya esa 2-o‘rin bilan pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Ma’lumot uchun, ushbu turnirda O‘zbekiston 2028-yilgi Los Anjelos Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan U-21 terma jamoasi bilan ishtirok etmoqda. “Oq bo‘rilar” chorak final uchrashuvini 17-yanvar kuni “D” guruhida 2-o‘rinni egallagan jamoaga qarshi o‘tkazadi.


