1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Ukraina bilan jang qilayotgan Rossiya Sudanda harbiy baza qurmoqchi

Sudan Suveren kengashining raisi va Qurolli kuchlarning Bosh qo‘mondoni, general Abdel Fattah al-Burhon Rossiyaga Port-Sudanda dengiz bazasi ochishga ruxsat berish evaziga qurol-yarog‘ yetkazib berishni taklif qildi.

Ukraina bilan jang qilayotgan Rossiya Sudanda harbiy baza qurmoqchi

 

The Wall Street Journal (WSJ) yozishicha, agar kelishuv yakuniga yetsa, Moskva qit’adagi ta’sirini kengaytirishda qiynalayotgan bir paytda mintaqaning strategik dengiz yo‘laklaridan biriga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

AQSh uchun esa bu xavotirga sabab bo‘lishi mumkin — chunki bunday o‘zgarish Rossiya va Xitoyning Afrika portlari ustidan ta’sirini kuchaytirishiga, bu esa harbiy kemalarni ta’minlash markazlariga aylanishi va eng muhim dengiz yo‘llarini nazorat qilishga yo‘l ochishi mumkin.

 

Sudan harbiy rahbariyati o‘tgan oktabr oyida Rossiya rasmiylariga taqdim etgan 25 yilga mo‘ljallangan taklifga ko‘ra, Moskva Port-Sudan yoki hali tanlanmagan Qizil dengizdagi boshqa bir joyda 300 nafar harbiy xizmatchi joylashtirishga, shuningdek, to‘rtta harbiy kema — jumladan, yadro dvigatelli kemalarni — joylashtirishga ruxsat olishi mumkin.

 

Rejaga ko‘ra, Kreml bundan tashqari Sudanda foydali qazilmalar, jumladan, oltin konlarida yuqori imtiyozlarga ega bo‘ladi. Chunki Sudan Afrikaning oltin ishlab chiqaruvchi mamlakatlar orasida uchinchi o‘rinda turadi.

 

Port-Sudandan turib Rossiya Suvaysh kanali orqali o‘tadigan global dengiz harakatini yaqindan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur kanal Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi asosiy yo‘lak bo‘lib, jahon savdosining qariyb 12 foizini mana shu kanal orqali tashiydi.

 

Rossiya kuchlariga uzoq muddatli baza ochishga ruxsat berish evaziga Sudan hukumati ilg‘or Rossiya havo mudofaasi tizimlari va boshqa qurollarni qulay narxlarda oladi. Bu qurollar armiyaga isyonchi Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlariga qarshi davom etayotgan ichki urushda yordam beradi.

 

Sudan harbiy vakili The Wall Street Journal’ga bergan izohida mamlakat yangi qurollarga shoshilinch ehtiyoj sezayotganini, biroq Moskva bilan bunday kelishuvga borish AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda keskinlik keltirib chiqarishi mumkinligini tan oldi.

 

Nashrning yozishicha, Sudan hukumati va qurolli kuchlari mazkur masala bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.

 

Sudan va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar Moskvaning Afrikadagi ta’siri susaygan bir vaqtda olib borilmoqda. Bir necha yil avval Mali va Markaziy Afrika Respublikasi hukumatlari xavfsizlik va jangovar ko‘mak uchun Kreml bilan bog‘liq “Vagner” guruhi xizmatlariga murojaat qilgan edi.

 

2023 yilda guruh rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targani va oradan ko‘p o‘tmay samolyotidagi portlash oqibatida halok bo‘lgach, Vagnerning Afrika bo‘yicha faoliyati parchalanishni boshladi.

 

Rossiyaning yangi davlat nazoratidagi o‘rinbosar harbiy tuzilmasi hozircha Vagnerning daromadlari yoki qit’adagi siyosiy ta’siri darajasiga yetisha olmayapti.

 

Sudandagi fuqarolik mojarosi — 2023 yilda general Abdel Fattah al-Burhon va uning o‘rinbosari general Muhammad Hamdan Dag‘alo o‘rtasidagi hokimiyat kurashi ortidan boshlangan — yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarmoqda.

 

Hududiy va global kuchlar endi bu beqarorlikdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga intilmoqda va natijada murakkab ittifoqlar tizimi shakllanmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика