Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi tomonidan e'lon qilib boriladigan har kunlik hisobotda ilk bor O‘zbekiston fuqarolari haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Unda ma'lum qilinishicha, qurilish ishlarida qatnashish uchun Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan Ukrainaning Mariupol shahriga kelgan oʻzbekistonliklarning pasportlari olib qoʻyilgan va frontga jang qilish uchun majburan yuborilgan.
“Rossiya bosqinchi qoʻshinlarining Donetsk viloyatining vaqtincha bosib olingan Gorlovka shahrida joylashgan boʻlinmalarida Oʻzbekiston fuqarolari borligi qayd etildi. Bu shaxslar Mariupolga qurilish ishlarini olib borish uchun kelgan. Ular yetib kelgach, pasportlari olib qo‘yilib, ko‘ngilli sifatida ishg‘olchilar safiga safarbar qilingan”, — deyiladi xabarda.
Bosh shtab xulosasida O‘zbekiston fuqarolari haqida boshqa ma’lumot keltirilmagan.


