28-29 oktyabr kunlari Maltada Ukraina tinchlik formulasi bo‘yicha uchinchi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yetakchilarning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchilari darajasida o‘tkazilgan.
Tadbirda 66 davlat ishtirok etdi. Xususan, ishtirokchilar orasida Rossiya ham o‘rin olgan BRIKS blokiga aʼzo Janubiy Afrika, Braziliya va Hindiston vakillari bor. Bundan tashqari, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya, shuningdek, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroda o‘zini vositachi sifatida taklif qilgan Turkiya ham ishtirok etgan.
Ukraina rezidenti devoni rahbari Andrey Yermak o‘zining Telegramʼdagi sahifasida Malta va Ukraina hamraislarining mamlakat va butun dunyoda tinchlik o‘rnatishning asosiy tamoyillariga bag‘ishlangan uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotini eʼlon qildi.
Yermakning taʼkidlashicha, maslahatlashuvlar 66 davlat va xalqaro tashkilotlarning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari va tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchilarining shaxsan va onlayn ishtirokini o‘z ichiga olgan. Ular Ukraina va hamkor davlatlar vakillari o‘rtasida, xususan, 2023 yil 24 iyun kuni Kopengagenda va 2023 yil 5 avgustda Jiddada bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvlarning davomi bo‘ldi.
“Ochiq va konstruktiv uchrashuv chog‘ida ishtirokchilar Ukraina uchun keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish va unga asoslanishi lozim bo‘lgan asosiy tamoyillarni to‘liq muhokama qildilar”, - deya taʼkidlaydi Yermak.
Ukraina uchun bunday tinchlikka erishish xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi.
Tinchlik BMT Nizomi, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyalari va xalqaro huquq tamoyillariga asoslanishi kerak.
2023 yil avgust oyida Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Kiyev Ukrainada akkreditatsiyadan o‘tgan elchilar va taklif etilgan ekspertlar ishtirokida ishchi guruhlarini tuzgan edi.
Maltadagi uchrashuvda tomonlar keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ishladilar:
—Yadro va radiatsiya xavfsizligi;
—Oziq-ovqat xavfsizligi;
—Energiya xavfsizligi;
—Barcha mahbuslarni va deportatsiya qilinganlarni ozod qilish;
—Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklash.
“Davlat va hukumat rahbarlari darajasida Global Tinchlik Sammitini o‘tkazish tashabbusi muhokama qilindi va tomonlar ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur choralarni ko‘rishni rejalashtirmoqda”, - deydi Yermak.
Maltadagi sammitdan keyin Ukraina nimaga erishadi?
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining anʼanaviy murojaatida taʼkidlaganidek, Maltada bo‘lib o‘tgan sammitda oltmish olti davlat vakillari ishtirok etgani yaxshi natijadir.
"Bizning dunyo haqidagi umumiy qarashimizni qo‘llab-quvvatlagan barcha rahbarlar va mamlakatlarga rahmat. Va davlatlar vakolatini kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjud.
Shunday qilib, dunyoda xalqaro huquqni chinakam qadrlaydigan har bir kishi o‘zini va o‘z qadriyatlarini ifoda etishi hamda tajovuzga qarshi global saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin”, — dedi Vladimir Zelenskiy.
Shuningdek, u Kopengagendagi birinchi uchrashuvdan beri Ukraina tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlash masalasida evolyutsiya bo‘lganini taʼkidladi.
Hozirda forumdagi ishtirokchi davlatlar soni 66 ga yetdi. Bu, albatta, Ukraina tinchlik formulasini ilgari surish bo‘yicha mamlakat strategiyasining muvaffaqiyatidir.


