Saudiya Arabistonida 2023 yilgi Haj mavsumi boshlanishi munosabati bilan Umra ziyorati bir muddatga qoldirildi. Bu haqda O‘zbekiston Umra ziyoratlari Assotsiatsiyasiga tayanib, “Daryo” xabar yozmoqda.
Maʼlum qilinishicha, Saudiya Arabistoni Podshohligi 5 maydan Umra safariga viza berishni to‘xtatgan.
“Doimiy tartib shunday. Umra safariga viza berilishi Muharram oyigacha yaʼni 20 iyulgacha to‘xtatilgan. Bu haqda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi rasman eʼlon bermagan bo‘lsa-da, amalda viza berish to‘xtatildi”, — deyiladi Assotsiatsiya xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, 15 maydan eʼtiboran Makka shahriga kirish ham rasman to‘xtatiladi va faqatgina Makkada yashash ruxsatnomasi bor insonlargina shaharga kiritiladi.
Maʼlumot uchun: 2022 yilda O‘zbekistonda 12 ming 45 nafar ziyoratchi Haj amallarini, 61 mingdan ortiq ziyoratchi Umra amallarini ado etgan. Joriy yilgi ramazon oyida 1400 nafar kam taʼminlangan fuqaro umra ziyoratiga yuborilgan edi.


