DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmasdan, fuqarolarni “Toshkent-Dubay-Jidda” yo‘nalishi orqali “Umra” ziyoratiga yuborish holati aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xususan, MCHJ xodimi X.A. Namangan viloyatida yashovchi ikki fuqaroning ishonchiga kirgan holda ularni 6 200 AQSH dollari evaziga “Umra” safariga jo‘natishni vaʼda qilib, oldindan 3100 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
MCHJ ofisi va xodimlarining avtomashinalari tekshirilganda, jami 116 nafar fuqaroning xorijga chiqish pasportlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, 66 nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish maqsadida ulardan jami 162 ming AQSH dollari olingani ham maʼlum bo‘ldi.
Taʼkidlash lozimki, MCHJ o‘z mijozlarini Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni Qirolligi o‘rtasidagi davlat chegarasidan o‘tkazishda Markaziy Osiyo respublikalarining soxta fuqarolik pasportlaridan foydalanish mexanizmini yo‘lga qo‘ygan.
Hozirda holat yuzasidan MCHJ masʼullariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.


