Urganch shahrining uch yil muddatga qamalgan hokimi ikki oy o‘tib ozod qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov maʼlumot berdi. Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati ushbu jinoyat ishinining sobiq hokim Sh.A.ga oid qismini sudlangan Sh.A.ning advokatlari tomonidan asossiz sudlangani va uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish haqidagi kassatsiya shikoyatlari hamda Xorazm viloyat prokurori tomonidan aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani va yetkazilgan moddiy zarar qoplanganini inobatga olib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash haqida keltirgan protest asosida kassatsiya tartibida ko‘rib chiqdi. Oliy sud kassatsiya instansiyasining 29 avgustdagi ajrimiga muvofiq yuqoridagi sud qarorlari o‘zgartirilib, sudlangan Sh.A. aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani va ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplaganini inobatga olgan holda unga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shu tariqa, protest to‘liq, shikoyatlar esa qisman qanoatlantirildi. Sh.A. jazoni ijro etish joyida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi, deyiladi xabarda. Eslatib o‘tamiz, avval sud hukmiga ko‘ra Sh. A. Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yilga muayyan huquqdan, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.