1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

"Usmon Qurʼonining qaytishi”

Toshkentdagi qadim Usmon musʼhafining hayratlarga boy tarixi haqida "Usmon Qurʼonining qaytishi” nomli hujjatli film suratga olindi.

"Usmon Qurʼonining qaytishi”

 

Film O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, Bi-Bi-Si o‘zbek xizmati, O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyati, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) va Sevimli telekanali hamkorligida suratga olingan.

 

"Har bir musulmon uchun ulug‘ bo‘lgan Ramazon oyida bunday loyihaning yaratilishi ramziy maʼno kasb etadi. Bu filmni O‘zbekiston miqyosida qanchalik ko‘p odam ko‘rsa, shunchalik ko‘p xursand bo‘lamiz, — dedi Bi-Bi-si o‘zbek xizmati Bosh muharriri Hayrullo Fayz.

 

2019 yil Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduholiqovning Londondagi Bi-Bi-si o‘zbek xizmatiga tashrifi davomida Usmon Qurʼoni haqida film yaratish taklifi berilgan edi. Ammo pandemiya sabab suratga olish ishlari maʼlum vaqt to‘xtab qolgan loyiha nihoyasiga yetib, tez kunda tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilinishi belgilangan.

 

"2017-yil sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan  BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasi ilgari surilgan edi. Unda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni taʼminlash eng muhim masalalardan biri sifatida eʼtirof qilingan. “Usmon Qurʼonining qaytishi” filmida ham Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga alohida urg‘u berilgan. Film nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun musulmon ahlini xursand qiladigan kinofilm bo‘ladi, desam adashmayman. Film Ramazon Hayiti arafasida yurtimiz telekanallarida namoyish etish rejalashtirilgan", — dedi Kinematografiya agentligi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK direktori Furqat Usmonov.

 

Tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borilgan.

 

Filmda ushbu nodir muqaddas qo‘lyozmaning XIX asr oxirida Rossiyaga yuborilishi, Sankt-Peterburgdagi Imperator kutubxonasida saqlanishi va keyinchalik Ufa muftiyatiga topshirilishi bilan voqealar o‘rganilgan. Arxiv hujjatlari asosida Usmon Qurʼonining 1923 yilda O‘zbekistonga qaytarilishi haqida hikoya qilingan. Filmda Usmon Qurʼonining 1989-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasiga topshirilishiga guvoh bo‘lgan insonlarning hikoyalaridan ham foydalanilgan.

 

Maʼlumot uchun, YUNESKOning “Dunyo xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan Qurʼon kitobini ko‘rgani Toshkentga har yili dunyoning ko‘plab davlatlaridan yuz minglab musulmonlar va sayyohlar kelishadi. Usmon Qurʼoni bu Qurʼoni Karimning saqlanib qolgan eng qadimgi nusxasi hisoblanadi.

 

Jahon ekspertlarining fikricha, O‘zbekiston o‘ziga xos noyob mamlakat bo‘lib, unda ikkita noyob Usmon Qurʼoni saqlanmoqda. Birinchi Qurʼon haqida ikki yil avval Bi-Bi-Si bilan hamkorlikda suratga olingan “Katta Langar Qurʼoni: sirlar va haqiqatlar” filmida hikoya qilingan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика