Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ayollarning kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanishi ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligiga qanday taʼsir qilishini aniqlashga qartilgan tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kir mashinasida kir yuvish uchun ayollar o‘rtacha 17 daqiqa vaqt (kirni saralab mashinaga solish va undan so‘ng qurishi uchun osish) sarflaydi. Qo‘lda kiyimlarni yuvish o‘rtacha 1 soat-u 30 daqiqadan 2 soatu 30 daqiqagacha davom etadi.
«Agar uy xo‘jaliklarining kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanganlik darajasi 1 foizga oshadigan bo‘lsa, bu iqtisodiy faol ayollar sonining 1,9 foiz oshishiga yordam beradi. Ayollar, ayniqsa qishloqlarda istiqomat qiluvchi ayollarning kundalik hayotda avtomat kir yuvish mashinalaridan foydalanishi bir haftada o‘rtacha 4 soat vaqtni tejash imkonini beradi. Bu vaqtni esa farzandlarning taʼlim-tarbiyasi uchun sarflash mumkin. Kir yuvish mashinalaridan foydalanish suv va energiya sarfining kamayishiga ham olib keladi», — deyiladi ekspertlar xulosasida.
Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistondagi har 100 ta uy xo‘jaligining 95 tasida kir yuvish mashinasi bor. Kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanganlik ko‘rsatkichi Sirdaryo viloyatida eng past - 83 ta, Toshkent shahrida esa eng yuqori - 128 ta.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, Statistika agentligining uy xo‘jaliklari so‘rovida kir yuvish mashinalarining turi (avtomat, yarim avtomat) yoki qanday maqsadlarda foydalanilishi (qishloqlarda sutdan qaymoqni ajratish maqsadlarida ham foydalaniladi) so‘ralmaydi va shahar-qishloq kesimida maʼlumotlar keltirilmaydi. Shuning uchun uy xo‘jaliklarining 100 tadan 96 tasida avtomat kir yuvish mashinasi bor va ulardan aynan kir yuvishda foydaniladi, deyish biroz mushkul, deydi mutaxassislar.


